un.pngMuhtaram Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, yoshlik, go’zalik va sport bayrami bo’lgan “Universiada ” – O’zbekiston yoshlarining o’ziga xos sport olampiadasidir. Bu yil beshinchi bor o‘tkazilayotgan «Universiada-2010» sport o‘yinlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shunda. Vodining go’zal vohalaridan biri andijon shahrida o’tkazilayotkan “Universiada 2010” musabaqa talaba yoshlarimizni ruhan va jismonan chiniqtirib, kelajakda ular orasida mustaqil O‘zbekiston dovrug‘ini dunyoga taratadigan ma-shhur sportchilar yetishtirib berishiga I ishonchimiz komil. Bu borada men ham bor kuch-g‘ayratimni namoyish etishga tayorman.

Boburiy zamin zangor gilamlar bilan bezalganda, chor-atrofni binafshayu chuchmomalar, loladay alvon, odamlari ko‘nglidek oppoq atirgullar ifori tutganda, ko‘hna va navqiron, muazzam Andijon “Universiada-2010” sport o‘yinlari ishtirokchilarini kutib oldi. Respublikamizning turli go‘shalaridan kelgan talaba sportchi yoshlar aziz mehmonlar sifatida andijonliklarning e’zoz va hurmatini his etdilar.
Bu yil beshinchi bor o‘tkazilayotgan Universiada tavalludining o‘n yilligi Andijonda nishonlanmoqda. G‘oliblik shohsupasiga ko‘z tikkan yigit-qizlar viloyatimizning muhtasham sport maydonlarida bellashadilar.

1.png

28 may, soat 20.00. Ajoyib sport koshonasi bo‘lmish “Sog‘lom avlod” o‘yingohi to‘rt tomondagi yuzlab projektorlar yog‘dusidan nurafshon bo‘lib ketdi. Bayramona bezatilgan stadionda yoshlik sururini yaqqol his etasiz. Sahna yoniga o‘rnatilgan ulkan ikki monitorda Bobur yurti manzaralari, O‘zbekiston sporti tarixi va buguniga oid lavhalar namoyish etilmoqda. “Chorlov” musiqasi yangraydi. Rang-barang libosli minglab fon guruhi a’zolari maydonni egallashdi. Ular birin-ketin almashib, yam-yashil maysalar uzra “2010 yil – Barkamol avlod yili”, “Xush kelibsiz Andijonga”, “Yoshlik”, “Sport”, “San’at”, “Vatan” kalomlarini “yozadilar”. Ayni damda yangrab turgan “Xush kelibsiz bugun jon Andijonga” qo‘shig‘i qizlar harakatlariga uyg‘un bo‘ldi. Fanfaralar sadosi ila boshlangan kuylar qo‘shiqlarga ulanadi, raqslar jilvasidan ko‘zlar qamashdi.  Jo‘shqin musiqa sadolari ostida “Universiada-2010” sport o‘yinlari ishtirokchilarining marshi boshlandi. Maydonga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar sportchilari kirib keladilar. Ular orasida uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport o‘yinlarining g‘oliblari, sovrindorlari bor. Shaxmat bo‘yicha o‘n bir karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionatining kumush medali sohibasi, sport ustasi jizzaxlik Yulduz Hamroqulova, Samarqand davlat universiteti magistri, qo‘l to‘pi ustasi Aziz Boltaboev, uchala sport o‘yinlarining oltin va kumush medallari sovrindori, andijonlik yengil atletikachi Irina Moroz, stol tennisi bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalar g‘oliblari, aka-uka Albert va Temur Shirievlar shular jumlasidandir.
Yosh sportchilar va harbiy askarlar kolonnasi maydonga O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i va “Universiada-2010” bayrog‘ini olib kiradilar. Bayroqdorlar flagshtoklarga yaqinlashganlarida, salyut berildi.
So‘z Andijon viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ahmadjon Tugilovich Usmonovga beriladi. Viloyat rahbarining “Andijonga xush keldingiz”, deya aytgan so‘zlari tantana qatnashchilarining olqishu qarsaklari bilan uyg‘unlashib ketdi. U musobaqalar ishtirokchilariga omad va muvaffaqiyatlar tilar ekan, sport hamisha do‘stlik, birodarlik, tinchlik va xotirjamlik elchisi ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada-2010” sport o‘yinlari ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi. Madhiya sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi va Universiada bayroqlari ko‘tariladi. Barchaning nigohi asta-sekin yuqoriga ko‘tarilayotgan bayroqlarga qadalgan. Ikki bayroqning yonma-yon yuksalishi go‘yo mustaqil O‘zbekistonda barkamol avlod tarbiyasiga e’tibor kuchliligini namoyon etdi. Xuddi shu payt minglab rango-rang sharlar o‘yingoh uzra aylana-aylana osmonga parvoz qildi.
Sportchilar va stadionga yig‘ilgan barcha yoshlar barkamol avlod sifatida voyaga yetish uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor minnatdorligi sifatida Vatanga, xalq va Prezidentga sadoqatli bo‘lishga qasamyod qildilar.
Tantanavor fanfaralar sadolari yangrarkan, stadion asta qorong‘ulikka cho‘mdi. Projektorlarning nurlari maydonga kirish yo‘lagiga qaratildi. Nurlar jilvasida “Universiada-2010” mash’alasini baland ko‘targan andijonlik ikki sportchi namoyon bo‘ldi. Ular – suzish bo‘yicha mamlakat va xalqaro musobaqalarning oltin medallari sovrindori, triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi sohibi Shohruh Yunusov hamda sambo bo‘yicha ayollar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, to‘rt karra O‘zbekiston chempioni Dildora Ubaydullaevalardir. Ularning maydonga kirib kelishlari oldidan fon guruhi qizlari jonli yo‘lak hosil qildilar.
Sportchilar ana shu yo‘lakdan yugurib borib, mash’ala monumentiga ko‘tarildilar. Zum o‘tmay, maxsus moslamada olov yona boshladi. Uning alangasi yoshlik shijoati ila to‘lib-toshgan yuraklardan taft olgan bo‘lsa, ne ajab! Bu, mudom yuksaklikka intilgan jo‘shqin qalbli yosh sportchilar uchun mayoq bo‘lsa, ne tong! Axir, Yurtboshimizning “…marrani doimo baland olib yashang, ertangi kun bizniki, sizdek shijoatli yoshlarimizniki”, degan da’vatini dasturilamal bilgan yigit-qizlar erishayotgan yutuqlar ayni shundan dalolat beradi. Olimpiada chempioni, bokschi Muhammadqodir Abdullaev, jahon chempioni, kurashchi Abdulla Tangriev, xalqaro grossmeyster, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Rustam Qosimjonov va boshqa ko‘plab sportchilar ana shu da’vatga munosib bo‘lishga intilgan hamda yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan edilar. Universiada maydonlarida sportning 12 turi bo‘yicha o‘tadigan bellashuvlar oldidan yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlarida yoshlik shukuhi va sururi, barkamollik sifatlari yaqqol aks etib turdi.
O‘yingohda yig‘ilganlar huzurida O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov, Zulayho Boyxonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ilhom Ibrohimov, Oybek Hamroqulov, Ozodbek Nazarbekov, Hosila Rahimova, Sardor Rahimxon, Gulsanam Mamazoitova, “Nihol” mukofoti sovrindori Gulmira Chavarova va boshqalar ijro etgan qo‘shiqlar bayram shavqini yanada oshirdi. Taronalar, qo‘shig‘u raqs-lardan dillarga ko‘chgan Yoshlik, Muhabbat, Baxt va Vafo vasfi ko‘ngillarni sarafroz qildi.