“Barkamol avlod-2011” sport musobaqalarining

Matbuot va axborot xizmatini tashkil etish guruhi

Termiz shahri, tel.: 8-376-22-51-263

Elektron pochta rg11@surxon.uz

Mamlakatimizning janubida joylashgan qadimiy va navqiron Termiz shahri muhim ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ma`naviy-ma`rifiy ahamiyatga ega turli nufuzli tadbirlar markaziga aylanib bormoqda. Ayni chog`da, bu yerda 2011 yilning 29 aprel-1 may kunlari Surxondaryo viloyati tarixida ilk bor “Barkamol avlod” spoort o`yinlari bo`lib o`tadi.

Ushbu sport musobaqalari – tom ma`noda, yoshlik va shijoat, mahorat va nafosat bayrami. Buni Termiz shahrining go`zal va zamonaviy qiyofasi, odamlarning ko`tarinki kayfiyati yaqqol namoyish qilib turibdi. Ayniqsa, O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yilligini nishonlash arafasida o`tkazilayotgani mazkur tadbirga yanada yuksak ruh va mazmun bag`ishlaydi.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, mustaqillik yillarida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yosh avlodning kelajagi porloq bo`lishi yo`lida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Yurtboshimizning “Farzandlarimiz bizdan ko`ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo`lishlari shart” degan da`vati el-yurtimizga qanot bag`ishlamoqda. Shu maqsadda mamlakatimizda uch bosqichli sport o`yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” musobaqalarini o`tkazish an`anaga aylangani nihoyatda quvonarli hol. Yosh avlodning jismoniy va ma`naviy tomondan sog`lom bo`lib yetishuvida bu musobaqalarning ahamiyati hammaga ma`lum. Ushbu sport o`yinlarining navbati bilan yurtimizning turli hududlarida tashkil etilishi esa muayyan hududda keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishiga katta turtki bermoqda.

29 aprel kuni Termiz shahrida “Barkamol avlod-2011” sport musobaqalari boshlanadi. Shu munosabat bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning hamma viloyatlaridan musobaqalarning final bosqichiga yo`llanma olgan o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi muassasalarining o`quvchi yoshlari – 867 nafar o`g`il-qiz tashrif buyuradi.

Yoshlarimiz sportning basketbol, voleybol, kurash, belbog`li kurash, yengil atletika, stol tennisi, shaxmat, futbol, qo`l to`pi, suzish, badiiy gimnastika, tennis kabi o`n ikki turi bo`yicha kuch sinashadilar. Musobaqalar Termiz olimpiya zahiralari kollejining, Termiz davlat universiteti 1-son akademik litseyining, Termiz pedagogika kollejining, Termiz davlat universitetining sport zallarida, “Alpomish” stadionida, “Kurash” majmuasida, tennis korti va suzish havzasida o`tkaziladi. Barkamol avlod vakillari futbol musobaqalarini o`n ming kishilik yangi qurilgan zamonaviy stadionda o`tkazadilar.

Sportchi yoshlar bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishlari uchun madaniy tadbirlar ham rejalashtirilgan. Tadbirlar rejasidan shoir va yozuvchilar, taniqli teatr va kino aktyorlari bilan uchrashuvlar, badiiy filmlar namoyishi o`rin olgan. Shu bilan birga, ular Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qiladilar. Termiz arxeologiya muzeyiga borib, Surxon vohasining qadim madaniy va ma`naviy merosi bilan tanishadilar.

Musobaqalarning tinch-osoyishta o`tishini ta`minlash, yosh sportchilarning hayoti xavfsizligini va sog`lig`ini muhofaza etish uchun turar joylarda, sport zallarida, stadionlarda ichki ishlar xodimlari vakillari, tibbiyot xodimlari jalb qilinadi.

“Barkamol avlod-2011” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi 29 aprel kuni “Surxon” sport majmuasida bo`lib o`tadi.

Musobaqaning yopilish marosimi doirasida g`oliblarni taqdirlash tadbiri o`tkaziladi. G`oliblarga maxsus diplomlar, qimmatbaho sovg`alar topshiriladi.