Toshkent shahri, poytaxt va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining terma jamoalari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi yoshlarining “Barkamol avlod – 2011” sport musobaqalarida ishtirok etish uchun Termizga jo‘nab ketdi.

Shu munosabat bilan “Toshkent” temir yo‘l vokzalida yosh sportchilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, sportchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sportni rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Umid nihollari”, “Barkamol avlod” hamda Universiadadan iborat uch bosqichli uzluksiz sport o‘yinlari sog‘lom avlodni, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– “Barkamol avlod – 2011” sport musobaqalariga katta hayajon bilan yo‘l olyapmiz, – dedi voleybol bo‘yicha Toshkent viloyati terma jamoasi a’zosi, Chirchiq akademik litseyi o‘quvchisi Umid Nurmatov. – Musobaqaga puxta hozirlik ko‘rdik, niyatimiz – g‘alaba qozonish va ko‘plab do‘stlar orttirish.

barkamol-avlod.uz