Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik institutida Surxondaryo viloyatida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod – 2011” sport musobaqalari mash’alasini quyosh nurlaridan alanga oldirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi, tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillari, sportchilar ishtirok etdi.

“Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari mash’alalari “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik institutida quyosh nurlaridan yondirilishi an’anaga aylangan.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida joriy qilingan uch bosqichli sport musobaqalari Olimpiya o‘yinlariga qiyoslanib mash’ala yoqish marosimi bilan boshlanishida ramziy ma’no bor. Chunki yurtimizda sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlarning jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdek oliy maqsadlarining ro‘yobga chiqishida mazkur uch bosqichli sport musobaqalarining ahamiyati beqiyos.

Musobaqa mash’alasining dastagi ishlangan yong‘oq daraxti – teran tomirlarimiz, boy tariximiz, xalqimizning mustahkam iymon-e’tiqodi, irodasi, aql-zakovati, mustaqilligimizning boqiyligiga ishora, uzoq umr, sog‘lom hayot belgisidir. Nihol ko‘rinishidagi shakllar – yurtimiz yoshlarining jismoniy va ma’naviy sog‘lom, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga qodir, komil insonlar bo‘lib voyaga yetishi, Olimpiya o‘yinlari xalqalari esa uch bosqichli sport tizimining yoshlarimizga Olimp cho‘qqilari sari dadil intilishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlarga ishora.

Ushbu noyob qurilma yordamida quyosh nurlaridan alanga olgan mash’ala yoshlarimizni xalqimizga xos yaratuvchanlik, bunyodkorlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Sport bilan shug‘ullanib voyaga yetayotgan yoshlarimizni jahon arenalarida ulkan muvaffaqiyatlar sari ilhomlantiradi.

…Maydonga tantanali musiqa sadolari ostida yurtimizning taniqli sportchilari, “Barkamol avlod – 2011” sport musobaqasi ishtirokchilari kirib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

“Barkamol avlod – 2011” sport o‘yinlarining porlab turgan mash’alasini Singapurda boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan I Olimpiya o‘yinlari sovrindori Sardor Begaliyev, shotokan karate-do bo‘yicha Jahon Kubogi g‘olibasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Zulxumor Boboyeva va shotokan karate-do bo‘yicha Jahon Kubogi g‘olibasi Sevara Abdulhamidova maydonga olib kiradi. Mash’alani ulardan Parkent tumani transport va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi, kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Elbek Rahmatov qabul qilib oladi.

– Vatanim quyoshining nurlarini o‘ziga singdirgan bu mash’ala biz, yoshlarning ezgu orzu-umidlarining o‘ziga xos timsoli, kelgusi muvaffaqiyatlarimiz mayog‘idir, – deydi S.Begaliyev. – “Barkamol avlod – 2011” sport musobaqalarida ishtirok etayotgan tengdoshlarim kelajakda Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida yuksak marralarni egallashiga, xalqimiz, Yurtboshimizning ishonchini oqlashiga ishonchim komil. Yoshlarimizning bugungi salohiyati, iqtidori, biz uchun yaratilgan beqiyos shart-sharoit buning muhim omilidir.

“Barkamol avlod – 2011” sport o‘yinlari mash’alasi Surxondaryo viloyati sari yo‘l oladi.

“Barkamol avlod – 2011” mash’alasi olib o‘tiladigan shahar va qishloqlarda tantanali marosimlar, sportchilarning chiqishlari o‘tkaziladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokidagi madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi-yoshlarining sport, go‘zallik, birdamlik bayramiga hamohang kuy-qo‘shiq va raqslarga ulanadi .

Barkamol-avlod.uz