Termizdan Qarshiga «Barkamol avlod- 2011» respublika sport musobaqalarining finalida ishtirok etishga da`vogarlik qilayotgan futbol, qo`l to`pi, voleybol va basketbol bo`yicha viloyat terma jamoalari jo`nab ketishdi.

Musobaqalar tashkiliy qo`mitasi qaroriga ko`ra Qarshida va respublikamizning yana uchta yirik shaharlarida sportning o`yin turlari bo`yicha to`rt nafar finalda qatnashuvchi jamoalarni tanlab olish uchun mintaqaviy musobaqalar bo`lib o`tadi va uning natijasiga ko`ra final bosqichi mezbonlarining hal qiluvchi bahslarda ishtirok etish-etmasligi hal bo`ladi.

Mintaqaviy musobaqalarda Surxondaryo sharafini viloyatimizning turli o`rta maxsus kasb-hunar bilim yurtlari talaba sportchilaridan 67 nafari himoya qiladi. Shulardan biri – voleybol bo`yicha qizlar viloyat terma jamoasi sardori Marg`uba Xudoyberdieva Termiz olimpiya zahiralari kollejining ikkinchi kursida tahsil oladi.

Ta`kidlash joizki, hali 18 yoshda bo`lishiga qaramasdan, u ancha boy sport tajribasiga ega. Sakkiz yoshidan Denov tumanidagi 33 – sonli qishloq maktabidagi voleybol sektsiyasiga qatnar edi. Aynan ana shu sport sektsiyasida turli davrlarda shug`ullangan o`ttizdan ortiq qizlar keyinchalik o`z hayotlarini katta sport bilan bog`laganlar – ba`zilari murabbiy bo`lishgan, yoki voleybol bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari Nargiza Bozorova va Nasiba Mahmudova kabi professional sportchi bo`lishgan. Marg`ubaning hisobida ham viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda qozonilgan o`nlab g`alabalar bo`lib, ular avvalambor uning birinchi murabbiyi bo`lgan sektsiya rahbari Saidaxmad Axmadqulovni quvontiradi.

– Hozirgacha har bir musobaqalar oldidan biz, uning sobiq tarbiyalanuvchilari, u bilan uchrashib, maslahatlashamiz, -deya so`zlaydi Marg`uba, – Saidaxmad aka bizga otalardek g`amxo`rlik bilan maslahatlar berib, oq fotiha beradi.

Mana, bu safar ham men o`z ona qishlog`imga u bilan uchrashish va suhbatlashish uchun ataylab borib keldim. Chunki men va mening dugonalarim oldida «Barkamol avlod» musobaqalarining final bosqichida ishtirok etish uchun saralashdan o`tish mas`uliyati turibdi.

Bizning jamoamiz uchta boshlang`ich saralash musobaqalaridan so`ng shakllangan bo`lib, Qiziriq Pedagogika kolledji, Termiz axborot texnologiyalari va maishiy xizmat ko`rsatish kolleji, Termiz Bank kolleji kabi turli kollejlardan kelgan sakkiz nafar qizdan iborat.

Biz Qarshida bo`lib o`tadigan musobaqalarga o`tgan yilning dekabr oyidan boshlab tayyorlandik, mashg`ulotlar vaqtida o`yin texnikasi va jismoniy tayyorgarlikni ancha yaxshiladik, mening fikrimcha juda samarali bo`lgan o`z taktikamizni ishlab chiqdik. Terma jamoamiz murabbiyi – Termiz olimpiya zahiralari kolleji o`qituvchisi Xakimjon Mamatyusupovning bergan o`gitlari sababli biz ruhan tetiklashdik, bir oiladek ahil bo`lib oldik va g`alabaga bo`lgan ishtiyoqimiz kuchaydi.

Albatta, homiylar va tashkilotchilaring har tomonlama yordamlarisiz, bizning mashg`ulotlarimiz bunchalik samarali bo`lmagan bo`lardi. Ular “Barkamol avlod” qatnashchilari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishdi – uch vaqtlik issiq ovqat, shinam yotoqxonalar, transport, sport kiyimlari, barcha jihozlar o`rnatilgan zamonaviy sportzal bilan ta`minlashdi.

Umid qilamanki, biz ularning ko`rsatgan g`amxo`rliklariga javoban «Barkamol avlod» musobaqalarining final o`yinlari bo`lib o`tadigan ona shahrimizga g`alaba bilan qaytamiz!

Barkamol-avlod.uz