O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida «Barkamol avlod – buyuk kelajak vorislari» mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimiz xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari, mahallalardagi diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, sport murabbiylari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Komilov, «Mahalla» jamg‘armasi raisi o‘rinbosari G.Yo‘lchiyeva va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qizlarni sportga keng jalb etish, ayollar salomatligini mustahkamlash, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani yuksak samara berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim dasturilmal bo‘layotir.

«Barkamol avlod yili» Davlat dasturida yosh avlodni jismonan chiniqtirish, bolalar sportini rivojlantirish sohasidagi ishlarni takomillashtirish, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘quvchi-yoshlar, talabalar, xotin-qizlar ishtirokida sport musobaqalari, marafonlar, spartakiadalar, sog‘lomlashtirish loyihalari, oilaviy turnirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida faoliyat ko‘rsatayotgan ayollar sportini rivojlantirish fakulteti malakali sport murabbiyalarini tayyorlashga xizmat qilayotir.

– Qizlarni sportga keng jalb etish xalqaro musobaqalar, olimpiadalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya etishga qodir sportchi qizlarni tayyorlash barobarida bo‘lajak onalarning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport murabbiysi Klara Shokirjonova. – Mazkur konferensiya sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda oila, ta’lim dargohlari, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlarni belgilab olishda muhim ahamiyatga ega.

Konferensiyada sport bilan shug‘ullanishning bolalar salomatligiga ta’siri, shaxs tafakkurini shakllantirishda sportning ahamiyati, sport kardiologiyasida metabolik davolash imkoniyatlari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova so‘zga chiqdi.

O‘zA